Аннотация
Ushbu maqolada O‘zbekistonning tranzit iqtisodiyoti sharoitida tijorat banklari kredit foiz stavkalarining shakllanish mexanizmlari hamda ularning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan dinamik bog‘liqligi empirik jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot 2017-yil yanvaridan 2023-yil dekabrigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi oylik vaqt qatorlari ma’lumotlariga tayanadi. O‘zgaruvchilar o‘rtasidagi qisqa va uzoq muddatli munosabatlarni aniqlash maqsadida avtoregressiv taqsimlangan laglar modeli (ARDL) va xatoliklarni tuzatish modeli (ECM) qo‘llanilgan. Natijalar O‘zbekistonda Markaziy bank asosiy stavkasi hamda inflyatsiya darajasining tijorat kreditlari foiz stavkalariga ta’siri statistik jihatdan ahamiyatli ekanini, biroq bu ta’sir to‘liq emasligini ko‘rsatadi. Xususan, inflyatsiyaning 1 foiz bandga oshishi uzoq muddatda kredit stavkalarining o‘rtacha 0,45 foiz bandga ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Asosiy stavkaning ta’siri nisbatan kuchliroq bo‘lsa-da, foiz kanali uzatish mexanizmi hali to‘la shakllanmagan. Qisqa muddatli moslashuv ham sust kechadi: xatoliklarni tuzatish koeffitsiyenti bo‘yicha tizim bir oyda nomuvozanatning taxminan 21 foizini bartaraf etadi. Olingan natijalar bank sektorida davlat ishtirokining yuqoriligi, imtiyozli kreditlash amaliyotining kengligi, banklararo pul bozorining yetarli darajada chuqur emasligi hamda qisman dollarlashuv foiz kanali samaradorligini cheklayotganini anglatadi. Shu bois inflyatsion targetlash rejimining amaliy ta’sirchanligini oshirish uchun kredit bozorini bozor tamoyillariga yaqinlashtiruvchi tarkibiy islohotlar zarur.
Ключевые слова
kredit foiz stavkasi, pul-kredit siyosati, foiz kanali, inflyatsion targetlash, ARDL modeli, ECM modeli, tijorat banklari, O‘zbekiston iqtisodiyoti